XAVFLI YUKLARNI TRANSPORTDA TASHISHDA XAVFSIZLIKNI TAHLIL QILISHDA SUN’IY INTELLEKTNING O‘RNI
Abstract
Ushbu tadqiqot xavfli yuklarni transportda tashishda xavfsizlikni
ta’minlash masalalarini chuqur o‘rganadi. Xavfli yuklar — bu tashish, saqlash yoki
foydalanish jarayonida inson salomatligi, atrof-muhit va moddiy boyliklarga jiddiy
xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan moddalar va buyumlardir. Tadqiqotda BMTning
“Xavfli yuklarni tashish bo‘yicha model qoidalari”, ADR (Yevropa bo‘yicha xavfli
yuklarni avtomobil transportida tashish to‘g‘risidagi kelishuv) va boshqa milliy
normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilinadi.
Xavfli yuklarni tashish jarayonida asosiy xavf omillari quyidagilardan iborat:
transport vositalarining texnik nosozliklari, haydovchining insoniy omili, yo‘l
transport sharoitlari, yukning noto‘g‘ri joylashtirilishi va tashqi omillar (tabiiy ofatlar,
sabotaj, terrorchilik). Ushbu omillar avariya xavfini sezilarli darajada oshiradi, bu esa
moddiy zarar, ekologik ifloslanish va inson hayoti uchun tahdidlarni keltirib chiqaradi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy xavfsizlik choralarida ko‘proq inson
omiliga tayaniladi, bu esa avariyalarni to‘liq oldini olish imkonini bermaydi. Shu
nuqtai nazardan, sun’iy intellekt (SI) va IoT texnologiyalarini joriy etish xavfsizlik
darajasini sezilarli oshirishga xizmat qiladi. SI algoritmlari transport vositalarining
texnik holatini real vaqt rejimida nazorat qilish, haydovchining charchoq yoki stress
darajasini aniqlash, xavfli marshrutlarni avtomatik ravishda aniqlash va bartaraf etish,
yuk konteynerlarining parametrlarini monitoring qilish va favqulodda vaziyatlarda
tezkor qaror qabul qilish imkonini beradi.
Shuningdek, tadqiqotda sistemali yondashuv nazariyasi, risklarni boshqarish
nazariyasi, sun’iy intellekt nazariyasi va kiberfizik tizimlar konsepsiyasi asosiy
metodologik poydevor sifatida ko‘rib chiqiladi. Sistemali yondashuv transport tizimini
yagona butun sifatida talqin etib, barcha elementlar o‘rtasidagi uzviy hamkorlik orqali
xavfsizlikni oshirishni ta’kidlaydi. Risklarni boshqarish nazariyasi xavflarni oldindan
prognozlash va ularni boshqarishning ilmiy asoslangan metodlarini beradi. Sun’iy
intellekt va kiberfizik tizimlar esa transport xavfsizligini real vaqt rejimida monitoring
qilish, prognozlash va avariyaviy holatlarga tezkor javob berishda yangi paradigma
sifatida xizmat qiladi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, SI va IoT texnologiyalarining joriy etilishi
nafaqat xavfsizlikni oshiradi, balki iqtisodiy samaradorlikni ham ta’minlaydi: avariya va favqulodda vaziyatlarning oldini olish moddiy zararlarni kamaytiradi, tashish
jarayonining ishonchliligini oshiradi va ekologik xavfsizlikni mustahkamlaydi. Shu
sababli, kelgusida ushbu texnologiyalarni milliy va xalqaro transport tizimlariga
integratsiya qilish dolzarb vazifa sifatida qaraladi.